SOHADA XOTIN-QIZLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASHGA DOIR TARG‘IBOT TADBIRLARI
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish maqsadida davlatimiz va hukumatimiz rahbarlari tomonidan bir qancha huquqiy-me’yoriy hujjatlar tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-401-son qarori imzolandi.
Mazkur Qarorning ijrosi yuzasidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi va uning tizimida xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Shuningdek, ularning fikrlarini o‘rganish, so‘rov va tahlillar o‘tkazish maqsadida joriy yilning fevral oyida Qo‘mita raisining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi Malika Abduxakimova Buxoro va Navoiy viloyatlarida sohada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar bilan uchrashuvlarda bo‘ldi.
Ushbu tadbirlarda yurtimizda xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy savodxonligini va jamiyatdagi faolligini oshirish, gender stereotiplarini bartaraf etish, oilalarni mustahkamlash borasida so‘z yuritildi. Tadbir yakunida yig‘ilish ishtirokchilaridan ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi.