VETERINARIYA TALABALARI TURKIYA GRANTI ASOSIDA TAHSIL OLADI

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo’mitasi raisi Bahrom Norqobilov Turkiyaning “Kayalar group” kompaniyasi kengashi rahbari Mehmet Kaya boshchiligidagi turkiyalik veterinariya va chorvachilik sohasi mutaxassislaridan iborat delegasiyani qabul qildi.
 
 Uchrashuvda chorvachilik sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish mexanizimi muhokama qilindi.
 
 Jumladan, turkiyalik mutaxassislarning go’sht va sut yo’nalishidagi naslli mollarni O’zbekistonga eksport qilishda yordamlashish, ferma va xonadonlardan sutni yig’ib olishda Turkiya tajribasini joriy etishga asoslangan pilot loyihalarni ishga tushirish taklifi ma’qullandi.
 
 Shuningdek, o’zbekistonlik talabalar va mutaxassislarni Turkiyaning Burdur universitetida kompaniyaning grant mablag’lari asosida o’qitish va kompaniya tasurrufidagi korxonalarda talabalar amaliyotini yo’lga qo’yishga kelishildi.
 
 Mamlakatimizda naslchilik markazlarini tashkil etishda hamkorlik qilish, chegara hududlarida chorva mollari uchun karantin hududlarini tashkil qilish, sermahsul chorva ozuqasini yetishtirish uchun zarur bo’lgan kimyoviy pereparatlarni yetkazib berish masalalari ham muhokama qilindi.