QO’YNING QORAKO’L ZOTI
Qorako’l zoti – dunyo bo’yicha eng asl qorako’l teri beruvchi qo’y zoti hisoblanadi. Uning shakllanishi xalq seleksiyasi asosida ro’y bergan. Qorako’lchilikning ravnaqini XVIII asr boshlaridan hisoblash mumkin. Shu davrga kelib savdo-sotiqning rivojlanishi jahon bozorida qorako’l terisiga bo’lgan talabning paydo bo’lishiga turtki bo’lgan.
Buxoro qo’ylarining jingalakli mo’yna berishi bo’yicha ma’lumotlar XVIII asr boshlarida paydo bo’lgan. Keyinchalik jahon bozorida barra teriga bo’lgan talabning keskin oshishi, ayniqsa o’rta gul o’lchamidagi yaxshi jingalak terilardan nimcha, palto, papaxa, telpak, yoqalar tikilishi, Yevropada mo’yna bozorining tashkil bo’lishi, qorako’l teri dovrug’ini oshirdi.
Qorako’l nomining atalishi bo’yicha ko’p taxminlar mavjud. Haqiqatga yaqinroq taxmin – Buxoro viloyatining Qorako’l hududida urchitiladigan qo’ylardan olingan qo’zi terisi tushunilgan.
Qorako’lga bo’lgan talab ortishi bilan Buxoro qo’yining obro’yi oshdi, barra terilar esa bozorni egallay boshladi. XIX asrning 79-yillari maxsus barra teri beruvchi zot deb tan olinib, ularni Rossiya janubi, Qrim va Yevropa, Ukraina, Namibiya mamlakatlariga urchitish uchun olib ketadilar.
Qorako’l qo’ylarining qulog’i katta osilgan; boshning yuz qismi uzunchoq, biroz do’ng; oyoqlari ingichka, tuyoqlari qattiq bo’ladi. Aksariyat qo’chqorlari shoxdor, sovliqlari to’qol bo’ladi. Qo’chqorlar tirik vazni – 60-70 kg, sovliqlarniki – 40-45 kg, tug’ilganda qo’zilar vazni – 3,5-4,5 kg bo’ladi. Dag’al jun beruvchi qorako’l qo’ylari juni yiliga 2-marta qirqib olinadi. O’rtacha bir yilda qo’chqorlardan fizik og’irlikda 3-4 kg, sovliqlardan 2,5-3,5 kg ni tashkil qiladi.