TOVUQ – YETTI XAZINA, CHORVA – BARAKA
Tovuq – yetti xazinaning biri, deb bejizga aytishmaydi. Tovuq nafaqat tuxumi, balki go’shti bilan ham oilalarga baraka olib kiradi. Shu bois ham hozirda davlatimizda parrandachilikka ixtisoslashtirilgan korxonalarning sonini yana-da ko’paytirish, ularning rivojlanishi uchun imkoniyat va sharoitlar yaratib berishga harakat qilinmoqda.
Xususan, Xorazm viloyatining Gurlan tumanidagi “Gurlan savdo-xarid” MChJ ham mana shunday imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib rivojlanayotgan korxonalardan biri.
Hozirda ushbu korxonada 4 ta konturda jami 20 ming bosh parranda mavjud bo’lib, yiliga qariyb 2 mln dona tuxum yetishtirilmoqda. Korxona to’liq ishga tushgach, 30 ming bosh parranda boqilishi rejalashtirilgan.
Aytish kerak, bugun mamlakatimizdagi qishloq xo’jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan korxona, tashkilotlar yanada ko’proq mahsulot ishlab chiqarish va yuqori samaradorlikka erishish uchun xorijning eng so’nggi texnologiyalarini olib kelib, ulardan foydalanishmoqda. Ushbu texnologiyalarning afzalligi shundaki, ular avtomatlashtirilgan bo’lib, tovuqlarga beriladigan ozuqadan tortib, tuxumlar sifatli va foydalilik xususiyatini saqlagan holda yetishtirilgungacha barchasi kompyuter nazorati ostida amalga oshiriladi.
Hozirda 6 nafar ishchi xodimni doimiy ish bilan ta’minlagan tadbirkor kelgusida chorvachilik yo’nalishida ham o’zini sinab ko’rish niyatida.
Bugun dabdurusdan ish boshlash emas, balki ayni xorijiy tajriba asosida ish boshlash va hudud sharoitiga mos chorva tanlanayotgani ham bejiz emas. Parrandachilikdan boshlangan tadbirkorlik bugun, bo’rdoqichilik va chorvachilik yo’nalishlariga ham aynan go’sht va sut mahsulotlari yetishtirishga qadam tashlanmoqda. Bu ham aynan davlatimiz rahbari olib borayotgan odilona siyosat va tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlarning yorqin dalili desak, mubolag’a emas.