Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan yig‘ilishda, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vaziri Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi ishtirok etdilar.
Bundan tashqari, sammit ishida SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Mo‘g‘uliston Prezidenti Xaltmaagiyn Battulg‘a, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko hamda SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov qatnashdilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.
Uchrashuv kun tartibiga muvofiq yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar delegasiyalarining rahbarlari ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama munosabatlarning bugungi holatini tahlil qilib, ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nutq so‘zlar ekan, Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish an’analarini asrash va ko‘paytirishga chaqirdi. “Umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi bo‘lgan ko‘p tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi - “Shanxay ruhini” mustahkamlash bugun har qachongidan muhim” ekanini ta’kidladi.
O‘zaro qo‘llab-quvvatlash, Shanxay hamkorlik tashkiloti kun tartibidagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlash keng Yevroosiyo makonida xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni ta’minlashning bosh sharti sifatida qayd etildi. “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT ham kuchli bo‘ladi”.
Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida SHHTning savdo-iqtisodiy hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va sanoat kooperasiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hujjatlarini qabul qilish orqali savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarni kuchaytirish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda axborot texnologiyalarining roli ortib borayotganini qayd etib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va aholini o‘qitishga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
O‘zbekiston rahbari kambag‘allikni qisqartirish masalalarida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning dolzarb ahamiyatini alohida qayd etdi. Tashkilot doirasida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari yig‘ilishlari mexanizmini yaratish va tegishli dasturiy hujjat tayyorlash taklif etildi. Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida mamlakatimiz xalqaro forum o‘tkazishga tayyor ekani bildirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHTning Epidemiya tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning kompleks rejasi tasdiqlanganini ma’qullab, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi hamkorlikni yanada faollashtirish, yuqumli kasalliklar bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratish, Telemedisina sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Davlatimiz rahbari yangi shakllar kasb etayotgan terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlariga qarshi kurash masalalari Shanxay hamkorlik tashkiloti e’tibori markazida bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Bunga SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tashkilot makonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish hamda vakolatli idoralar orasidagi muloqotlarni yanada ko‘paytirish xizmat qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti sammit ishtirokchilarini Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlarini va ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Shu munosabat bilan “SHHT-Afg‘oniston” muloqot guruhi doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda qabul qilish taklif etildi. Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yo‘laklarini barpo etish tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu va boshqa masalalar O‘zbekiston tashabbusi bilan 2021 yilning aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Xatar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasining kun tartibiga kiritilishi mumkin.
Kelgusi yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti 20 yoshga to‘ladi. Prezidentimiz ushbu muhim sana arafasida “SHHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi roli” xalqaro forumini o‘tkazishni taklif etdi.
Sammit yakunida SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Moskva deklarasiyasi qabul qilindi hamda tashkilot doirasidagi o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolandi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan sammitda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonoti qabul qilindi.